Yuganchak (frenulum) qisqaligi: og'riq, yirtilish va frenuloplastika
- 11
Yuganchak nima va nega u qisqa bo'ladi
Yuganchak — olat boshining pastki qismini ichki varaq bilan bog'lab turuvchi kichik teri burmasi. Uning vazifasi qoplama terining haddan tashqari orqaga surilishiga to'sqinlik qilish. Agar bu burma tug'ma qisqa bo'lsa yoki oldingi yirtilishdan keyin chandiq hosil qilib qisqargan bo'lsa, ereksiya paytida u tortiladi va og'riq beradi.
Sabablari ikkita: tug'ma xususiyat (eng ko'p uchraydigan) va orttirilgan — yallig'lanish, takroriy mayda yirtilishlar yoki noto'g'ri bajarilgan sunnatdan keyingi chandiqlanish.
Belgilari
- ereksiya paytida olat boshining pastga tortilishi, «kamon» shaklida egilishi;
- aloqa vaqtida yuganchak sohasida achishish va og'riq;
- yuganchakning yirtilishi va qon ketishi — ko'pincha birinchi aloqada yoki uzoq tanaffusdan keyin;
- yirtilish qo'rquvi tufayli aloqadan qochish, psixologik ereksiya muammolari;
- tez ejakulyatsiya — tortilgan yuganchak sezuvchanlikni oshiradi va ba'zi erkaklarda erta tugash sababi bo'ladi;
- takroriy yirtilishlardan keyin qattiq chandiq hosil bo'lishi va holatning yomonlashishi.
Yuganchak yirtilsa nima qilish kerak
- Toza salfetka bilan 5-10 daqiqa bosib turing — bu sohada qon tomirlari zich, ammo qon ketishi odatda bosim bilan to'xtaydi.
- Sovuq suv bilan yuving, spirtli eritma quymang.
- Qon ketishi 15 daqiqadan uzoq davom etsa yoki qayta boshlansa — shoshilinch urologga murojaat qiling.
- Yara bitguncha (odatda 7-10 kun) aloqadan tiyiling.
- Bitgandan keyin albatta urologga ko'rining: har bir yirtilish yangi chandiq va qisqarish demakdir, ya'ni keyingi safar og'riq kuchliroq bo'ladi.
Frenuloplastika — qanday operatsiya
Frenuloplastika — yuganchakni uzaytirish uchun bajariladigan kichik plastik aralashuv. U ambulator sharoitda, mahalliy og'riqsizlantirish ostida bajariladi va odatda 15-25 daqiqa davom etadi. Jarroh qisqargan burmani ko'ndalang kesib, uzunasiga tikadi — natijada yuganchak uzayadi va tortishish yo'qoladi. So'riluvchi iplar ishlatiladi, ularni olib tashlash shart emas.
Muhim jihat: bu sunnat emas. Qoplama teri saqlanadi, faqat qisqa burma uzaytiriladi. Ba'zi hollarda, chandiq keng bo'lsa yoki hamroh fimoz bo'lsa, shifokor sunnat bilan birga bajarishni taklif qilishi mumkin — bu alohida muhokama qilinadi.
Tiklanish davri
- birinchi 2-3 kun — sohada shish va yengil og'riq, oddiy og'riq qoldiruvchi yetarli;
- gigiena: kuniga ikki marta iliq suv bilan yuvish, quruq holda saqlash;
- 2 hafta — jinsiy aloqa va mastrubatsiyadan tiyilish;
- 2 hafta — og'ir jismoniy yuklama, hammom, basseyndan voz kechish;
- iplar 2-3 haftada o'zi so'riladi;
- to'liq bitish 3-4 hafta, chandiq yumshashi 2-3 oy.
Natija
Aralashuvdan keyin og'riq va yirtilish xavfi yo'qoladi, sezuvchanlik saqlanadi. Ko'pchilik bemorlarda erta ejakulyatsiya ham yaxshilanadi, chunki doimiy tortishishdan kelib chiqadigan ortiqcha qo'zg'alish yo'qoladi. Psixologik jihat ham muhim: yirtilish qo'rquvi yo'qolgach, ereksiya bilan bog'liq ikkilamchi muammolar ham o'z-o'zidan hal bo'ladi.
Qachon operatsiyani kechiktirmaslik kerak
Yuganchak allaqachon ikki va undan ko'p marta yirtilgan bo'lsa, joyida qattiq oq chandiq paydo bo'lgan bo'lsa yoki og'riq har bir aloqada takrorlanayotgan bo'lsa — kutishning ma'nosi yo'q. Har bir yangi yirtilish to'qimani yanada qisqartiradi va keyinchalik operatsiyani murakkablashtiradi.
Ko'p beriladigan savollar
Operatsiyadan keyin sezuvchanlik pasayadimi? Yo'q. Frenuloplastikada nerv tugunlari zich joylashgan soha saqlanadi — faqat tortib turgan burma uzaytiriladi. Ko'pchilik bemor sezuvchanlikning o'zgarmaganini, og'riqning esa yo'qolganini aytadi.
Sunnat qilinsa, muammo o'zi hal bo'ladimi? Har doim ham emas. Standart sunnatda yuganchak saqlanib qolishi mumkin, shuning uchun jarroh ko'rikda ikkala masalani birga baholaydi.
Bolalarda ham bu holat bo'ladimi? Ha, ammo o'smirlik davrigacha yuganchak ko'pincha o'zi cho'ziladi. Aralashuv odatda jinsiy hayot boshlangandan keyin, real shikoyat paydo bo'lganda rejalashtiriladi.
Yirtilgan joy o'zi bitmaydimi? Bitadi, ammo o'rnida chandiq qoladi va yuganchak yanada qisqaradi. Shuning uchun takroriy yirtilishlarni kutmaslik kerak.
Ish va sportga qachon qaytish mumkin? Ofis ishiga ertasi kuniyoq, jismoniy mehnat va sportga esa 2 haftadan keyin qaytish mumkin.
«Androlog i Ya» klinikasida
Klinikamizda urolog ko'rigi, frenuloplastika va sunnat ambulator tarzda bajariladi — bemor o'sha kuni uyiga qaytadi. Bu muammoni uyalib yurish shart emas: uni hal qilish bir tashrifga teng.
Manzil: Toshkent shahri, Foziltepa ko'chasi, 14-kvartal, 28A uy
Telefon: +998 98 809-91-77 · +998 97 720-36-18 · +998 71 275-82-73
Sayt: andrologi.uz


